O‘zbekiston va Yaponiya qishloq xo‘jaligi va ilmiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish niyatida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Yaponiyaning Silk Road Foundation jamg‘armasining qishloq xo‘jaligi va hududiy rivojlanish bo‘yicha direktori, Yaponiya sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yoshitsugu Minagava bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda pillachilikni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ilmiy va texnologik almashinuvni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga joriy etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Shuningdek, ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, innovatsion klasterlar va ilmiy-tadqiqot markazlarini yaratish kabi tashabbuslar doirasida investitsion va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston tomoni Yaponiya vakillarini 2025-yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Yaponiya va Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etishga taklif etdi. Tomonlar ushbu forum doirasida pillachilik yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalar va yangi tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.