O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi agrar aloqalar mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Yaponiya–O‘zbekiston Ipak yo‘li jamg‘armasi (JUSRF) huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha ishchi guruh raisi Minagava Yoshitsugu boshchiligidagi Yaponiya biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, Yaponiyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston agrar sohasiga joriy etish va investitsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va innovatsion yechimlarni tatbiq etish orqali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Xususan, Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sektor hamkorligida ipakchilik sohasini rivojlantirish, shuningdek Yapon texnologiyalari asosida choy yetishtirish, logistika va “smart” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetida Yapon tili va agrotexnologiyalar yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish hamda tajriba almashish dasturlarini kengaytirish masalalari ham muhokama etildi.
Yakunda Alisher Shukurov Yaponiya delegatsiyasi bilan belgilangan loyihalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi va bu uchrashuvni O‘zbekiston agrar sohasida texnologiya, ta’lim va innovatsiyalar uyg‘unligiga asoslangan hamkorlikning yangi davri sifatida baholadi.