O‘zbekiston va Yaponiya mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Migratsiya agentligi va Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiya Adliya vaziri Keysuke Sudzuki bilan uchrashdi.
Unda, migratsiya sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish, viza rasmiylashtirishni soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish, Yaponiyaga kirish ruxsatini olish muddatini qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, bu mamlakatda ishlayotgan fuqarolarimizning huquqiy himoyasi hamda noqonuniy migratsiyani oldini olish borasida birgalikda ishlashga kelishildi.
Yaponiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizning noqonuniy maqomda bo‘lmasliklari, talab darajasida til ko‘nikmalari bo‘lishi hamda qonunchilikka rioya qilishlari lozimligi alohida aytib o‘tildi.
“Yaponiyada amalga oshirilayotgan texnik stajyorlik dasturi va maxsus malakaga ega mutaxassislar uchun yengillashtirilgan viza tizimi - o‘zbekistonliklarning mamlakatimizda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini yuritish, yuqori madaniyatli ish muhitida tajriba orttirish, salohiyatini namoyon etishlari uchun yangi imkoniyat yaratadi”,- taʼkidladi Yaponiya Adliya vaziri Keysuke Sudzuki