Valyuta kurslari 19/08/2025
$1 – 12497.19
UZS – -0,4%
€1 – 14597.97
UZS – -0,46%
₽1 – 155.71
UZS – -0,83%
Qidirish
Iqtisod 19/08/2025 O‘zbekiston va Yaponiya energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida yangi loyihalar bo‘yicha kelishib oldi

O‘zbekiston va Yaponiya energetika, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalarida yangi loyihalar bo‘yicha kelishib oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15–18 avgust kunlari ISSV rahbari Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya Tokio va Osakada Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI), Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), shuningdek Sojitz Corporation, Washin Trading, Le One Co. Ltd., Daido Industries, OMETA, ITO Corporation, Okamoto Corporation, Masui va boshqa kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.

METI rahbari Masaki Ogushi bilan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va past uglerodli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Loyihalarni qo‘shma kreditlash mexanizmi (JCM) doirasida hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari assortimentini kengaytirish, o‘zbek gilosiga fitosanitariya ruxsatnomasi olish jarayonini jadallashtirish, energetika, strategik metalllarni qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish sohalarida hamkorlik muhokama qilindi.

JBIC rahbariyati bilan amaldagi loyihalarni tezlashtirish, yangi tashabbuslarni moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Yaponiyaning kompaniyalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, infratuzilma qurilishi, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va “aqlli” dehqonchilik texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Sojitz Corporation bilan muzokaralar yakunida energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oluvchi yangi Yo‘l xaritasi imzolandi.

17-avgust kuni delegatsiya Osakada bo‘lib o‘tayotgan EXPO-2025 doirasida O‘zbekiston Milliy kuni tadbirlarida ishtirok etdi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning yuqori darajasini ko‘rsatdi hamda investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling