O‘zbekiston va XMT norasmiy bandlikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasi doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zaxidov Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari Mia Seppo bilan uchrashdi.
Muloqotda norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari muhokama qilinib, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yangi kasblarning standartlarini hamkorlikda ishlab chiqish, mehnat shartnomalarini soddalashtirish hamda xodimlarning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etishda Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislarini jalb etishga kelishib olindi.
Navbatdagi uchrashuv Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi Bosh kotibi Marselo Abi-Ramia Kaetano bilan bo‘lib o‘tdi.
Unda Oʻzbekistonda aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya va munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi. Samimiy muloqotda hamkorlikda sohani raqamlashtirish hamda tajriba almashishga qaratilgan vebinarlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.