O‘zbekiston va XMT migratsiya siyosati samaradorligini oshirish maqsadida kelishuv imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT)ning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Andrew Gray o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar migratsiya sohasidagi strategiyalarni ishlab chiqish, xorijdagi fuqarolarimizning himoyalanganlik darajasini oshirish, Vatanga qaytgandan keyingi moslashuvi, xavfsiz, tashkiliy migratsiyani rag‘batlantirish hamda jarayonlarni raqamlashtirish masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, Migratsiya agentligi va XMT o‘rtasida rasman Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, migratsiya masalalarida qo‘shma tadqiqotlar, taʼlim dasturlari va huquqiy himoyani mustahkamlash borasidagi strategik hamkorlik yana-da mustahkamlanadi. Qolaversa, shu yil Toshkentda xalqaro mehnat forumini tashkil qilish va bu orqali mamlakatimizning migratsiya sohasidagi potensialini dunyo mehnat bozoridagi yirik ish beruvchilarga namoyish qilishga kelishildi.
XMT - 1951 yilda Jenevada tashkil etilgan va bugungi kunda 170 dan ortiq davlat ushbu tashkilot aʼzosi hisoblanadi.