Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
Iqtisod 10/07/2025 O‘zbekiston va Xitoy transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda: Urumchida UTK Logistics ishga tushirildi

O‘zbekiston va Xitoy transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda: Urumchida UTK Logistics ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 10-iyul kuni Pekin shahrida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va “Xinjiang Union of Railway International Logistics Co. Ltd” o‘rtasidagi hamkorlik doirasida “UTK International Logistics Co. Ltd” qo‘shma korxonasi tashkil etilishi munosabati bilan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.Maxkamov, Urumchi shahar xalq hukumati meri o‘rinbosari Xou Yong, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Z.Narzullayev, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ boshqaruvi raisi M.Mirxamidov hamda ikki tomonning boshqa yuqori martabali vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir davomida yangi korxonaning Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini chuqurlashtirishdagi strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi. Tomonlar mazkur kompaniya o‘zaro yuk tashuvlarini kengaytirishda muhim o‘rin egallashiga ishonch bildirdi. 

“UTK International Logistics Co. Ltd” kompaniyasining ofisi Urumchi shahrida joylashib, korxonaning asosiy faoliyati yuklarni konsolidatsiya qilish, Xitoy tomonidan subsidiyalar jalb etish hamda “Xitoy – Markaziy Osiyo” yo‘nalishi bo‘yicha multimodal tashuvlarni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. 

Tashkiliy jarayonlar yakunlangach, kompaniya qisqa fursat ichida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi konteyner poyezdlarini jo‘natishni boshlaydi.

“UTK International Logistics Co. Ltd” qo‘shma korxonasining tashkil etilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning logistika sohasidagi strategik o‘rnini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling