O‘zbekiston va Xitoy temir yo‘l sohasidagi yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning rasmiy va ishbilarmon doiralari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga Beijing China Railway Construction Electrification Design & Research Institute direktori Ke Dimin boshchilik qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda temiryo‘l sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, lokomotivlarni ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ijaraga berish, mashinistlarni tayyorlash, dizel lokomotivlarini modernizatsiya qilish, elektrovozlar uchun texnik yordam ko‘rsatish, shuningdek, temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralarda temiryo‘l sohasida faoliyat yuritayotgan Xitoyning uch yirik kompaniyasi – Zhengzhou Gongying Railway Equipment, China Railway Construction Corporation va Tangshan Baichuan Intelligent Machinery ishtirok etdi.
Muzokaralar yakunida Xitoy kompaniyalari bilan kelgusida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Ushbu kelishuvlar mamlakatimizda temiryo‘l infratuzilmasini sifat jihatidan yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.