O‘zbekiston va Xitoy ShHT Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 30-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Moliya vazirligi vakillari o‘rtasida ikki tomonlama onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Xalqaro munosabatlar departamenti direktori o‘rinbosari Shuxrat Matkarimov, Xitoy tomonidan Moliya vazirligining Xalqaro iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Chjan Bo ishtirok etdilar.
Muzokaralar davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti Taraqqiyot bankini tashkil etish masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Tomonlar tashkil etilishi rejalashtirilayotgan yangi moliyaviy muassasaning tuzilishi, vakolatlari, faoliyat yo‘nalishlari va moliyalash mexanizmini muhokama qildilar.
O‘zbekiston tomoni ushbu tashabbus SHHT doirasida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim platformaga aylanishini ta’kidladi.
Tomonlar SHHTning sohaviy tuzilmalari hamda ekspertlar darajasidagi muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.