O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy safar qildi.
Tashrif chog‘ida vazir Nazarbekov Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Ozodbek Nazarbekov taʼkidlashicha, ikki mamlakat rahbarlari tashabbuslari tufayli madaniy hamkorlik izchil rivojlanmoqda, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy almashinuv bora-bora kengayib bormoqda. Har ikki mamlakat vazirlarining muntazam uchrashuvlari do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yorqin tasdig‘idir.
Alohida eʼtibor 7 iyul kuni Sindao shahrida (XXR) SHHTga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlari uchrashuviga qaratildi. Ushbu anjuman samarali ish olib borilgani qayd etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy hukumatlari madaniyat markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi tarixiy kelishuvni imzoladi. Bu hujjat ikki tomonlama madaniy aloqalarni yana-da kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Vazir Sun Yeli taʼkidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat iqtisodiy, ijtimoiy va taʼlim sohalarida, balki madaniy yo‘nalishda ham jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. U 2024 yilda Pekinda o‘tkazilgan «O‘zbekiston madaniyati kunlari»ni yuqori baholab, joriy yilda O‘zbekistonda «Xitoy madaniyati kunlari»ni o‘tkazishni taklif etdi.
Ozodbek Nazarbekov bu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatladi va O‘zbekiston tomonidan zarur amaliy yordam ko‘rsatilishini vaʼda qildi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma madaniy loyihalar, madaniy taʼlim va investitsiyaviy tashabbuslar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, ilgari surilgan takliflarni ijobiy ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.