O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-tahliliy hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-tahliliy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida (Markaz) Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi maslahatchilari kanselyariyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Davlat kengashi maslahatchisi janob Chjan Jile boshchilik qildi.
Maʼlumot uchun: Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzurida 1949 yilda tashkil etilgan Davlat kengashi maslahatchilari kanselyariyasi hukumat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishni muvofiqlashtiradi. Uning vazifalariga tahliliy materiallar va takliflar tayyorlash, qabul qilinayotgan qarorlarni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ilmiy-tahliliy hamkorlikni rivojlantirish kiradi.
Uchrashuvning maqsadi o‘zbek-xitoy ilmiy va tahliliy hamkorligining yangi yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonidan mamlakatda «Yangi O‘zbekiston» va “O‘zbekiston–2030” strategiyalari doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy natijalari, shuningdek Markazning iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tahliliy baholari taqdim etildi.
Xitoy tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuksak baho berib, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda strategik rejalashtirish sohalarida erishilgan yutuqlarni alohida qayd etdi.
Alohida taʼkidlanganidek, 2024 yil yanvar oyida ikki mamlakat rahbarlarining Qo‘shma bayonotida qayd etilgan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida «barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik» munosabatlarining o‘rnatilishi ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni ifoda etishi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Xususan, so‘nggi yillarda Xitoy investitsiyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan hajmi 2017 yildagi 283,9 mln dollardan 2024 yilda 7,24 mlrd dollargacha oshib, 25 barobardan ortiq o‘sdi. Jamg‘arilgan investitsiyalar hajmi esa 18 mlrd dollarga yetdi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi so‘nggi 8 yil ichida 2,6 barobarga o‘sib, 12,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar soni 3,6 mingtadan oshdi.
Tomonlar tahliliy va ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, Xitoyning sanoatni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, taʼminot zanjirlarini boshqarish, shuningdek qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi, tuproq degradatsiyasi va qurg‘oqchilik sharoitlariga moslashish bo‘yicha yondashuvlari muhokama qilindi.
Transport sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida O‘zbekistonning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va ularda faol ishtirok etishi alohida qayd etildi. Xitoy tomoni «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘l koridori loyihasi bo‘yicha qo‘shma tahliliy tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish istiqbollari hamda Xitoy tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida amaliy qo‘llash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ilmiy-tahliliy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, o‘zaro hamkorlik formatlarini ishlab chiqish hamda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish va tajriba almashishni nazarda tutuvchi Hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur hujjat qishloq xo‘jaligi va suv tejovchi texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi va qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi, shuningdek sanoat, savdo va taʼminot zanjirlari sohalarida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.