O‘zbekiston va Xitoy biotexnologiya va ildiz hujayralar sohasida hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Szyan gospitali va Carbon Intelligence Stem Cell kompaniyasi boshqaruv raisi Xuan Veydun, shuningdek Haishi Hainuo Group rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda biotexnologiya va ildiz hujayralar (stem cells) sohasidagi ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Xuan Veydun tomonidan bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik taklif etildi, jumladan:
ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun ildiz hujayralarini yetkazib berish va klinik tadqiqotlarni amalga oshirish;
gene screening (genlar skriningi) dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
axborot texnologiyalari sohasida texnik hamkorlik, xususan Data Center faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Uchrashuv davomida agentlik direktori tomonidan mamlakatimizda biotexnologiya sohasini rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.