O'zbekiston va US EXIM Banki qo'shma loyihalarni moliyalashtirishni muhokama qilishdi
O'zbekiston va US EXIM Banki qo'shma loyihalarni moliyalashtirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQSh Eksport-import bankining (US EXIM Bank) Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha vakili Jon An bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.
AQSh Eksport-import banki (US EXIM Bank) 1934-yilda tashkil etilgan davlat moliya muassasasi bo‘lib, u eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun kredit, kafolat va sug‘urta vositalarini taqdim etadi. Bankning umumiy portfeli 130 milliard dollardan oshadi.
Suhbat davomida qishloq xo‘jaligi, transport, foydali qazilmalarni qazib olish va infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda US EXIM Bank vositalarini jalb qilgan holda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, Amerika kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini ilgari surishni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.