Valyuta kurslari 17/11/2025
$1 – 12039.61
UZS – 0,45%
€1 – 13992.43
UZS – 0,5%
₽1 – 149.17
UZS – 0,21%
Qidirish
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Prezidentimiz ushbu tarixiy davlat tashrifi qardosh mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlab, uni yangi marralarga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb 2 barobar ko‘payib, 1 milliard dollardan oshdi. Uning hajmini, eng avvalo, o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini kengaytirish va yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan 2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bunda bugun ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi alohida o‘rin tutadi. Tomonlar ushbu tajribani boshqa chegaraoldi hududlarda, eng avvalo, “Olot-Farob” hududida qo‘llash niyatida.

Mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish maqsadida hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz orqali tashuvlarni rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Energetika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasining yetkazib berilishi va tranziti bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakat hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qat’iy intilish borligi ta’kidlandi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – hududlararo hamkorlik. Buxoro va Turkmanobod shaharlarida hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yaqinda Xivada ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forum bo‘lib o‘tadi.

Urganch va Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Konsertlar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va olimlar forumlari, sport olimpiadalarini muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.

Tomonlar, shuningdek, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasida amaliy hamkorlikni ilgari surishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Kuni kecha Toshkent shahrida o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvining yakunlari mintaqada integratsiya jarayonlari va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Yakunda hamkorlikni jadal rivojlantirish, qardosh mamlakatlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida ulkan natijalarga erishishga o‘zaro intilish qat’iy ekani tasdiqlandi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling