O‘zbekiston va Turkmaniston poytaxtlari hamkorlikni faollashtiradi
O‘zbekiston va Turkmaniston poytaxtlari hamkorlikni faollashtiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Ashxobod shahri hokimi Raxim Gandimov bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Suhbat davomida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotgani alohida taʼkidlandi.
Tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” hamda Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yana-da faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.