O‘zbekiston va Turkmaniston Energetika vazirlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Turkmaniston Energetika vazirlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Turkmaniston Respublikasi Energetika vaziri Annageldi Saparov hamda “Turkmengaz” milliy neft-gaz kompaniyasi raisi Maksad Babayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda shuningdek, yoqilg‘i-energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki do‘st va qardosh mamlakatlar rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar tufayli barcha sohalar qatori yoqilg‘i-energetika sohasida ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari izchil va samarali rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sherikligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarning salmoqli to‘plami qabul qilingani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda yoqilg‘i-energetika sohasidagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki mamlakat rahbarlari belgilab bergan vazifalarni birgalikda samarali tashkil qilishga kelishib olindi.