O‘zbekiston va Turkiyaning “Kazancı” xoldingi energetika sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Kazanci Holding” kompaniyasi boshqaruv raisi Jemil Kazanji boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
“Kazancı Holding” Turkiyaning yetakchi ko‘p tarmoqli guruhlaridan biri bo‘lib, energetika, generatorlarni ijaraga berish va ishlab chiqarish, turizm hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat olib boradi. Holding tarkibiga Turkiya va undan tashqaridagi eng yirik mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan “Aksa Enerji” ham kiradi.
Delegatsiya tarkibida uchrashuvda “Kazanci Holding” direktorlar kengashi a’zosi Juneyt Uygun, “Aksa Enerji” moliyaviy direktori Jevdet Yalchin, O‘zbekistondagi moliyaviy menejer Mustafo Kamol Yilmaz, shuningdek, O‘zbekistondagi operatsion menejer Selchuk Sisman qatnashdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston energetika sohasini modernizatsiyalashtirish, energiya samaradorligini oshirish va davlat-xususiy sheriklik doirasida infratuzilma loyihalarini rivojlantirish uchun xalqaro sarmoyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ustuvor yo‘nalishlarda samarali sheriklikni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.