O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari Samarqand kardiologiya markazida bo‘ldi
O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari Samarqand kardiologiya markazida bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Asilbek Xudayarov va Kemal Memishog‘lu Samarqand shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar onkologlarining II kongressi doirasida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi filiallari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurdilar.
Tashrifning birinchi bosqichida mehmonlar O‘zbekistonda joriy etilayotgan zamonaviy raqamli dasturlar, jumladan elektron axborot portali — DMED bilan tanishdilar. Ushbu platforma bemorlarni monitoring qilish, diagnostika va davolashni tashkil etish uchun yagona raqamli infratuzilmani taʼminlaydi, shuningdek tibbiy jarayonlar samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturiy yechimlarni namoyish etadi.
Shundan so‘ng vazirlar kardiologiya markazi filialiga tashrif buyurib, o‘tkir yurak-qon tomir va miya qon aylanishi patologiyalari bo‘limi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda insult va infarktlarni erta aniqlash, ularning oldini olish va davolash choralari, shuningdek zamonaviy klinik protokollar va multidissiplinar yondashuv asosida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam natijalari namoyish etildi.
Tashrif yakunida bemorlar yaqinlari uchun yaratilgan kutish zali sharoitlari ko‘zdan kechirilib, maksimal qulaylikni taʼminlashga qaratilgan imkoniyatlar baholandi.