O‘zbekiston va Turkiya pensiya va ijtimoiy sohada tajriba almashishni davom ettirish yuzasidan kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro ijtimoiy taʼminot forumi doirasida Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi va Turkiya ijtimoiy himoya instituti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ayni kunlarda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi Xalqaro ijtimoiy taʼminot assotsiatsiyasi (ISSA) tomonidan tashkil etilgan "Xalqaro ijtimoiy himoya" Forumida ishtirok etmoqda.
Mazkur Forum doirasida 30 sentyabr kuni Turkiya ijtimoiy himoya instituti (Sosyal Güvenlik Kurumu) prezidenti R.Kaya bilan pensiya taʼminotiga oid masalalarda uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zaro muloqot davomida "Pensiya va ijtimoiy himoya to‘g‘risida"gi Bitim loyihasi yuzasidan hamkorlikda ishlash, shuningdek, soha yuzasidan o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusida ham o‘zaro muloqotni davom ettirish, o‘zaro tajriba almashish hamda ushbu tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzishga kelishib olindi.