O‘zbekiston va Turkiya hamkorlikni kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xiva shahrida O'zbekiston–Turkiya Qo'shma bojxona kengashining 5-yig'ilishi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi Raisi Akmalxoʻja Mavlonov hamda Turkiya savdo vaziri oʻrinbosari – bojxona xizmati rahbari Sezai Ucharmok ishtirokida oʻtkazilmoqda.
Tadbirni ochar ekan, qoʻmita Raisi mehmonlarni Oʻzbekistonning “Ochiq osmon ostidagi muzey” deb atalmish Xiva shahriga tashrifi bilan qutladi.
Muhtaram Prezidentimizning Turkiya bilan yoʻlga qoʻygan oʻzaro ochiq va doʻstona munosabatlari – ikkala davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Natijada, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi koʻp qirrali aloqalar yanada rivojlanib bormoqda.
Qoʻshma kengashning 1-yigʻilishi oʻtkazilgan 2018-yildan beri oʻtgan yetti yillik qisqa davrda mamlakatimizning Turkiya bilan tovarlar tashqi savdo aylanmasi 35 foizga oshdi. Bu raqam 2018-yilda 1,9 mlrd $ ni tashkil qilgan boʻlsa, 2024-yil yakuniga kelib 2,6 mlrd $ ga yetdi.
Global iqtisodiyotda oʻta murakkab davr davom etayotganini inobatga olsak, bu koʻrsatkichlar yuqori. Ammo, oʻzaro hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish orqali natijalarni yanada oshirish mumkin.
Jumladan, 2022-yilda Oʻzbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari oʻrtasida “Tovar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashish toʻgʻrisidagi Bitim” imzolangan va texnik shartlari ishlab chiqilgan. Kengash yigʻilishi avvalida mazkur Bitimni faoliyatga toʻlaqonli joriy etishga doir masalalar koʻrib chiqildi.
Tomonlar tashqi savdo sohasida statistik maʼlumotlarni oʻzaro almashishni yoʻlga qoʻyishgan. Jumladan, 2024-yilning sentabr oyida Samarqandda oʻtkazilgan ishchi uchrashuvida statistik maʼlumotlardagi tafovutlarga aniqlik kiritilib, ushbu yoʻnalishdagi ishlar yanada tartibga keltirilgan. Shu tartibdagi navbatdagi uchrashuv endi esa Turkiyada oʻtkazilishi rejalashtirildi.
Joriy yilning 8-sentabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Bojxona idoralari rahbarlarining Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan 11-uchrashuvda tomonlar vakolatli iqtisodiy operatorlarni oʻzaro tan olish boʻyicha muzokaralarga kirishishgan. Xiva uchrashuvida esa ayni shu masala atroflicha koʻrib chiqildi. Hozirda vakolatli iqtisodiy operatorlarni oʻzaro tan olish yuzasidan ishlab chiqilgan ikki tomonlama bitim loyihasi Turkiya tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Oʻzbekistondagi vakolatli iqtisodiy operatorlar tomonidan amalga oshirilgan tovarlar tashqi savdosi oʻtgan 5 yilning oʻzida 2 barobarga oshdi. 2020-yilda bu raqam 1,3 mlrd. dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 2024-yilga kelib 2,7 mlrd. dollarga yetdi.
Kengash yigʻilishida 2025-2026-yillar uchun imzolangan Qoʻshma hamkorlik rejasi ijrosi ham tahlil qilindi.