O‘zbekiston va Turkiya eksportni kengaytirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Turkiya eksportni kengaytirishni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov Turkiya Eksportchilar Assambleyasining Global biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri O‘zkan Altuntash boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.
Turkiya Eksportchilar Assambleyasi (TİM) — Turkiyada eksport faoliyatini muvofiqlashtiruvchi asosiy tashkilot hisoblanadi. U 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 27 ta iqtisodiy tarmoqni, 61 ta eksportchilar uyushmasini hamda 150 mingdan ortiq eksportchi kompaniyalarni birlashtirgan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish, o‘zaro eksport-import hajmini kengaytirish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, joriy yilning 6–9 aprel kunlari Turkiya Eksportchilar Assambleyasining ishbilarmon tadbirkorlardan iborat delegatsiyasining O‘zbekistonga amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashrifini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.