O‘zbekiston va Tojikiston soliq sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 17–19-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasiga Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrifning maqsadi — tajriba almashish va soliq maʼmuriyatchiligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdir.
Uchrashuvlar davomida tomonlar hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Tojikistonlik hamkasblar raqamli omborxona faoliyati tajribasi hamda rezidentlik sertifikatidan foydalanish tartibini taqdim etdilar.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi mutaxassislari Onlayn-NKTni joriy etish, soliq to‘lovchilar bilan “mahallabay” tizimi asosida ishlash, idoralararo integratsiya mexanizmlari, valyutani nazorat qilish hamda tekshiruvdan oldingi tahlil samaradorligi borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga QQS hisoblash masalalari ham alohida muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Tojikiston delegatsiyasi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazida bo‘lib, soliq tizimida joriy etilayotgan innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur professional muloqot soliq sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.