O'zbekiston va Talos Capital venchur kapitali bo'yicha hamkorlikka kelishib oldilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi AQShda xalqaro venchur hamkorligini rivojlantirish va o‘zbek startaplarining jahon bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategik uchrashuvlarni davom ettirmoqda.
Tashrif doirasida “Talos Capital” bilan strategik uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu Amerika venchur kompaniyasi sun’iy intellekt, DeepTech, kiberxavfsizlik, mudofaa texnologiyalari, sanoat 4.0 va fintech sohalarida boshlang‘ich bosqichlardagi investitsiyalarga ixtisoslashgan.
Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov, “Talos Capital” boshqaruvchi hamkori Nir Netzer va “Talos Capital” loyihalar direktori Pol Shihan ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar venchur investitsiyalari va startap akseleratsiya sohasidagi tizimli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. “Talos Capital” O‘zbekistonning milliy startaplar zaxirasini o‘rganish va o‘z investitsiya yo‘nalishlariga mos keladigan istiqbolli texnologik kompaniyalarni birgalikda baholashga qiziqish bildirdi. IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda loyihalar almashinuvining tuzilmaviy mexanizmini yaratish va startaplarni kelishilgan holda ekspert baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “Talos Capital” kompaniyasining O‘zbekistondagi qo‘shma investitsiya tashabbuslarida, jumladan, “Digital Startups Program” dasturida ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Bunda moliyaviy tekshiruv o‘tkazish, birgalikda sarmoya kiritish modellarini ishlab chiqish va investitsiyalarni dastlabki bosqichlarda jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirilib boriladi.
Uchrashuvning asosiy mavzulari qatorida O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgan “Talos Capital” portfel kompaniyalari uchun soft-landing imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash ham muhokama qilindi. Bu IT Park infratuzilmasidan foydalanish, tartibga solish masalalari bo‘yicha maslahatlar olish, mahalliy korxonalar bilan pilot loyihalarni ishga tushirishga ko‘maklashish va xususiy sektor bilan hamkorlikni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Tomonlar xalqaro innovatsion dasturlar doirasida tajriba almashish va hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratdilar. Bu “Talos Capital” vakillarining O‘zbekistonda DeepTech va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar, venchur tashabbuslari va ekspert dasturlarida ishtirok etishini nazarda tutadi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish, “Talos Capital’ portfel kompaniyalarining Markaziy Osiyo bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek startaplariga venchur investitsiyalarini jalb qilish va global innovatsion ekotizimda O‘zbekistonning o‘rnini yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldilar.
Talos Capital – sun’iy intellekt va yangi avlod ilg‘or texnologiyalariga investitsiya kiritishga ixtisoslashgan venchur va konsalting kompaniya. Kompaniya sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli himoya, 4.0 sanoat va korporativ fintech tizimlari sohalarida innovatsion yechimlar yaratayotgan asoschilarga sarmoya kiritadi. Moliyalashtirishdan tashqari, “Talos Capital” kompaniyalarga dastlabki bosqichlardagi texnologik loyihalarning tezkor rivojlanishi uchun xalqaro bozorlarga kirish imkoniyatini, strategik ekspertiza va institutsional hamkorlikni ta’minlaydi.