O‘zbekiston va Szyansu provinsiyasi sanoat zonasi va sarmoyaviy road show tashkil etish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 17-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoy Xalq Respublikasining Szyansu provinsiyasi Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi bosh direktori Van Shanxua bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo va investitsiyalar sohasidagi aloqalarini kengaytirish, yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, shuningdek, raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Taklif etilgan tashabbuslar qatorida Szyansu provinsiyasi korxonalari ishtirokida O‘zbekistonda maxsus sanoat zonasi tashkil etish, hamkorlikka qiziqish bildirgan Xitoy kompaniyalari ro‘yxatini shakllantirish, qo‘shma ishchi guruh tuzish va investitsiya uchrashuvlarini o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 2026-yilda O‘zbekiston va Szyansu provinsiyalarida road show tadbirlarini tashkil qilish orqali o‘zaro investitsiya imkoniyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.