O‘zbekiston va Sverdlovsk viloyati turizm, to‘qimachilik va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida Namangan viloyati hokimligi huzuridagi "Axsikent" arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi direktori Anvar Ikromov boshchiligidagi delegatsiyaning Sverdlovsk viloyatiga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bosh konsulxona xodimlari va "Axsikent" arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari o'rtasida kechgan muloqot chog'ida Sverdlovsk va Namangan viloyatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, ta'lim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, turizm yo'nalishlarida o'zaro hamkorlikni jadallashtirish, turoperatorlar o'rtasida sheriklikni yo'lga qo'yish, yangi turpaketlarni ishlab chiqish, muzeylar o'rtasida madaniy almanishuvlarni amalga oshirish muhokamalarning bosh mavzusi bo'ldi.
2025-yil oktyabr oyida bo'lib o'tadigan IV Xalqaro asal festivali, III Xalqaro chorva va parranda ko'rgazmasi, 2026 yil fevralida bo'lib o'tadigan II Xalqaro avtofestivalga Rossiya vakillari va sayyohlarni jalb etishga kelishib olindi.