O‘zbekiston va Space Compass kosmik texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasining Xalqaro astronavtika kongressida ishtiroki doirasida Yaponiyaning ilg‘or kosmik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi “Space Compass” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
“Space Compass” — 2022-yilda NTT va SKY Perfect JSAT tomonidan asos solingan yapon kosmik-texnologik qo‘shma korxonasi bo‘lib, sun’iy yo‘ldoshlar, yuqori balandlikdagi platformalar (HAPS) va yer tizimlari asosida Yer, koinot va stratosferani yagona tarmoqqa bog‘lovchi yangi avlod infratuzilmasini yaratishga qaratilgan.
Kompaniya asosan:
kosmosda ma’lumotlarni qayta ishlash,
optik ma’lumotlarni uzatish,
yerdan tashqari 5G/6G tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishlarida innovatsion loyihalarni amalga oshirmoqda.
Uchrashuv davomida kosmik texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari, sun’iy yo‘ldosh aloqasi, ma’lumot uzatishning ilg‘or usullari hamda kelajakda O‘zbekistonda yuqori texnologik loyihalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish masalalarida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.