O‘zbekiston va Serbiya parlamentlararo hamkorlik guruhlarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Serbiya parlamentlararo hamkorlik guruhlarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatda “O‘zbekiston-Serbiya” va “Serbiya-O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhlarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Serbiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish, xususan, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar va muloqotlar bu jarayonga yangi surʼat bag‘ishlayotgani qayd etildi.
Xususan, 2025 yil oktyabr oyida Serbiya Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Tashrif doirasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida muntazam muloqotni taʼminlash, qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.