O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi hamkorlik istiqbollari belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Saudiya Arabistonining “Al Muhaidib Group” kompaniyasi investitsiyalar direktori Abdulla al Muhaidib boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, agrobiznes sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoni agrobiznes vakillarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi ishtirokini kengaytirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, chorva ozuqasi va yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi istiqbolli takliflar ilgari surildi. Tomonlar yangi investitsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, istiqboldagi aniq loyihalar va takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgani O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochilishidan dalolat beradi.