O‘zbekiston va Saffolk Savdo palatasi o‘rtasida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Saffolk Savdo palatasi o‘rtasida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Saffolk Savdo palatasi o‘rtasida xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “IFE London 2026” — xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasi doirasida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Saffolk grafligi Savdo palatasi Xalqaro aloqalar departamenti boshlig‘i Koyas Miya bilan uchrashdi.

Saffolk grafligi Savdo palatasi 1 300 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirgan hamda 50 mingdan ziyod biznesni qamrab olgan Britaniya Savdo palatalari tarmog‘iga kiradigan nufuzli tashkilot hisoblanadi. Mazkur tarmoq xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kompaniyalarni tashqi bozorlarga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, eksport imkoniyatlarini rivojlantirish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Saffolk Savdo palatasi orqali o‘zbek kompaniyalarini Britaniya bozoriga olib chiqish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish va B2B uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, 2023 yilda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Saffolk Savdo palatasi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi bugungi kunda o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish, yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va O‘zbekiston biznesining Buyuk Britaniya bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling