O'zbekiston va Rowan universiteti ta'lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
O'zbekiston va Rowan universiteti ta'lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQShning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri - Rowan University prezidenti doktor Ali A. Xushmand bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, jumladan Toshkentdagi Nordic International University negizida faoliyat yuritayotgan Rowan University Center faoliyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Amaldagi 1+3 bakalavriat va 1+1 magistratura dasturlari doirasida O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari talabalari Toshkentda va AQShda ta’lim olib, muhandislik, IT, tibbiyot va biznes boshqaruvi yo‘nalishlarida Amerika diplomi olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Shuningdek, o‘qish jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtiruvchi cooperative education modelini joriy etish rejalari muhokama qilindi. Bu yondashuv yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tomonlar talabalar tadbirkorligini rivojlantirish, innovatsiyalarni tijoratlashtirish va ilg‘or Amerika tajribasini O‘zbekistonda keng qo‘llash borasidagi tayyorliklarini bildirdilar.