O‘zbekiston va Rossiya strategik tashabbuslar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Strategik islohotlar agentligida Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi direktori Svetlana Chupsheva boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonni qutlar ekan, Strategik islohotlar agentligi direktori B.Raxmatov ikki agentlik o‘rtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va strategik rivojlanish borasidagi samarali ishlarni qayd etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, turizm, kreativ va tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Strategik tashabbuslar agentligi direktori S.Chupsheva O‘zbekiston tomonini “Biznikilarni bil” birinchi tanlovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, tadbirkorlarning xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlashda buning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Bunday tashabbuslar davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamni kuchaytirishi hamda biznes rivojiga turtki bo‘lishi qayd etildi.
Shuningdek, 2025-yildan boshlab har yili o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Kelajak uchun” forumi haqida ma’lumot berildi. Mazkur forum aholining turli qatlamlari tomonidan istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish maydonchasiga aylanadi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Ular qatorida kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, aholi bilan boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni raqamlashtirishga qaratilgan “Elektron uy” tizimini joriy etish tashabbuslari bor.
Uchrashuv yakunida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.