O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari hamkorligi bo‘yicha komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning o‘ninchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, taʼlim, agrar va gumanitar sohalarda hududlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizga o‘sgan. O‘zbekistonning eksport hajmi esa 17 foizga oshdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning 14 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlament diplomatiyasi bugungi kunda strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismiga aylanganini, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini taʼkidlab o‘tdi.
Majlisda mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarning ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Tatariston, Boshqirdiston, Moskva, Samara va Leningrad oblastlari misolida hududlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qayd etildi. Parlament aʼzolari bu tashabbuslarni qonunchilik jihatidan qo‘llab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida ekologik toza mahsulotlarni Rossiya bozoriga yetkazib berish, transport-logistika tizimini takomillashtirish va fitosanitariya talablarini soddalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Turizm almashuvini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport va viza tartibotlarini soddalashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Gumanitar sohadagi hamkorlik — madaniy almashinuvlar, yoshlar dasturlari va ayol parlament aʼzolari o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlash — ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.