Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 30/04/2025 O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.Krasnovning taklifiga binoan, Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov rahbarligidagi vazirlik va idoralar delegatsiyasi joriy yilning 28-29 aprel kunlari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori o‘rinbosari P.Gorodov rahbarligida Bosh prokuratura, Federal xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.

Tadbir davomida tomonlar migratsiya sohasidagi amaldagi holat, muammoli jihatlar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildilar. Yig‘ilish ishtirokchilari ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda migratsiya sohasida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Ikki davlat Bosh prokuraturalari O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldilar.

Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi majlisida qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnomani imzoladilar.

Imzolangan bayonnoma ijrosi O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari tomonidan alohida nazoratga olinadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling