Valyuta kurslari 22/07/2025
$1 – 12603.52
UZS – 0,2%
€1 – 14676.80
UZS – 0,3%
₽1 – 160.94
UZS – 0,39%
Qidirish
Iqtisod 22/07/2025 O‘zbekiston va Rossiya gaz kimyo sohasidagi hamkorlikni malaka oshirish dasturlari va texnologiyalar almashinuvi orqali mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Rossiya gaz kimyo sohasidagi hamkorlikni malaka oshirish dasturlari va texnologiyalar almashinuvi orqali mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik ikki mamlakatning gaz kimyo sohasida hamkorligini yana-da mustahkamlashda davom etmoqda.

Mutaxassislar ishtirokidagi xalqaro malaka oshirish dasturining navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu jarayon texnologiyalar almashinuvi, kadrlar tayyorlash va infratuzilmani boshqarish sohalarida chegaralaroshi hamkorlikning yuqori darajada ekanini namoyon qildi.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun asos sifatida 2024 yilda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ hamda “Abiroy” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandum xizmat qildi. Ushbu hujjat ishlab chiqarish xodimlarini tayyorlash va mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikka zamin yaratdi. Kelishuvlar doirasida zamonaviy o‘quv metodlarini joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Gazni chuqur qayta ishlash departamentining texnik bo‘lim boshlig‘i va direktor o‘rinbosari Xusan Rahimov taʼkidlaganidek, “Abiroy” kompaniyasi bilan hamkorlik Rossiya va MDH davlatlari korxonalariga ilg‘or texnologiyalarga kirish imkonini yaratadi va ularni amaldagi ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilishga yordam beradi. U bu hamkorlikni ikki mamlakat neft-gaz sohasini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.

Muhim natijalardan biri sifatida “Abiroy” kompaniyasi tomonidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi bazasida xalqaro stajirovka dasturini amalga oshirishni boshlaganini qayd etish mumkin. Ushbu dastur doirasida o‘zbek mutaxassislari murakkab uskunalarni ekspluatatsiya qilish borasida amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, rossiyalik mutaxassislar esa xodimlarni tayyorlashning zamonaviy uslublarini taqdim etdilar. Bunday hamkorlik Irkutsk polimerlar zavodi uchun kadrlar tayyorlashga zamin yaratib, bilim va kompetensiyalar almashinuvining asosini shakllantirdi.

2025 yil iyul oyida Irkutsk polimerlar zavodiga biznes-missiya doirasida tashrif buyurildi. Tashrif chog‘ida “Abiroy” kompaniyasi bosh direktori Dastan Kokeyev “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Sho‘rtan GKM vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralar natijasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlar belgilab olindi. Kokeyev taʼkidlaganidek, yangi ishlab chiqarishlarni ishga tushirish nafaqat texnik modernizatsiyani, balki mehnatni tashkil etishning zamonaviy yondashuvlarini talab etadi. O‘zbekiston bilan hamkorlik samarali boshqaruv tizimini yaratishga yordam beradi.

O‘zbek delegatsiyasining Irkutsk zavodiga tashrifi gazni qayta ishlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ldi. Tashrif doirasida o‘zbek mutaxassislari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha maslahatlar o‘tkazdi. Shuningdek, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining mutaxassislari Araljon Sohibov va Ulug‘bek Jo‘rayevlar texnik maslahatchi sifatida zavodning muhim ishga tushirish bosqichlarida ishtirok etishga taklif etildi.

Xusan Rahimov taʼkidlaganidek, Rossiya va O‘zbekiston korxonalari o‘rtasidagi bunday hamkorlik hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi namunasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalar nisbatan qisqa muddatda amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, allaqachon erishilgan natijalar neft-gaz sohasidagi ekspert va ishlab chiqarish almashinuvlarining yuqori salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling