O‘zbekiston va Quvayt iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 16 fevral kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Quvaytga rasmiy tashrifi oldidan, ushbu davlat poytaxtida O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sohaviy uyushmalar rahbarlari hamda 100 dan ortiq yirik kompaniya va moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirok etdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Quvayt Savdo-sanoat palatasi rahbari Raboh al-Raboh boshchilik qildi.
Forumni ochar ekan, Laziz Qudratov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi sheriklikning izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Quvaytning yirik kompaniyalari O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va ko‘chmas mulk sohalarida faol investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan: soliq imtiyozlari joriy etilgan, maʼmuriy to‘siqlar bartaraf qilingan, keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda, rivojlangan infratuzilmali bir necha o‘nta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek, MDH va YEI bozorlariga bojsiz kirish imkoniyati mavjud.
Bu islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti so‘nggi yillarda deyarli ikki barobar o‘sdi. 2024 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5% ga o‘sib, $115 milliardga yetdi, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 1,6 barobar oshib, $34,9 milliardni tashkil etdi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni isloh qilish davom ettirilishi, yalpi ichki mahsulotni $200 milliardga yetkazish, o‘rtadan yuqori daromadli mamlakat maqomiga erishish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni $110 milliardga yetkazish va eksport hajmini yillik $45 milliardga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, foydali qazilmalar qazib olish, energetika va neft-kimyo, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, xususiylashtirish, logistika, aloqa va turizm sohalari qayd etildi.
Quvayt Savdo-sanoat palatasi rahbari Raboh al-Raboh O‘zbekistonning ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratgan saʼy-harakatlarini yuqori baholab, ikki davlat tadbirkorlarini faol hamkorlikka chaqirdi. U, shuningdek, har ikki tomon yangi loyihalar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.
Forum doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari, shuningdek, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha bir qator investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi. Ishtirokchilarning baholashicha, bu kelishuvlar O‘zbekiston va Quvayt o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlashga va o‘zaro savdo hajmini tez surʼatlarda oshirishga imkon beradi.