Valyuta kurslari 09/10/2025
$1 – 12072.03
UZS – 0,28%
€1 – 14016.83
UZS – -0,2%
₽1 – 148.01
UZS – 0,95%
Qidirish
O‘zbekiston va Quvayt infratuzilmaviy DXSh loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Quvayt infratuzilmaviy DXSh loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Quvayt infratuzilmaviy DXSh loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8-oktabr sanasida Quvaytning “Combined Group Contracting Company” (CGC) kompaniyasining Investitsiyalar qo‘mitasi rahbari va boshqaruv raisi o‘rinbosari Raad Qutbildin Al Abdulloh hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda CGC kompaniyasi menejеri Rami Samir hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari Abduqodir Yoqubov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Combined Group Contracting Company (CGC) — Quvayt davlatining yirik infratuzilma va sanoat qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1965-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Quvayt fond birjasida ro‘yxatga olingan ochiq aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.

CGC qurilish, yo‘l va transport infratuzilmasi, neft va gaz quvurlari, shuningdek, energetika va sanoat inshootlarini barpo etish sohalarida faoliyat olib boradi. Kompaniya Quvayt, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (GCC) mamlakatlarida qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.

Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosidagi loyihalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma tashabbuslari, jumladan, energetika sohasidagi DXSh loyihalari hamda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishdagi loyihalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.

Shuningdek, tomonlar DXSh yo‘nalishida xalqaro hamkorlik, xususan, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (Gulf Cooperation Council – GCC) mamlakatlari bilan o‘zaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda CGC kompaniyasining DXSh loyihalarini amalga oshirishdagi xalqaro tajribasi va yirik infratuzilma loyihalarida ishtirok etish salohiyati yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, istiqbolli DXSh tashabbuslarini birgalikda ko‘rib chiqish va amaliy aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling