O‘zbekiston va Qozog‘iston yoshlar hamda o‘smirlar jamoalari o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Qozog‘iston futbol federatsiyasi o‘rtasida ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlik tizimli bo‘lib, sheriklik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan.
Bugungi kunga qadar turli darajadagi – milliy terma jamoalardan tortib o‘smirlar va ayollar jamoalarigacha – muntazam o‘yinlar o‘tkazib kelinayotgani buning yaqqol isbotidir.
Jumladan, joriy yilning oktyabr oyida ikki mamlakat yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari rejalashtirilgan:
12 va 14-oktabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston U-21 terma jamoalari o‘rtasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
3–14-oktabr kunlari Olmaota shahrida esa U-15 terma jamoalari o‘zaro ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Shuningdek, yoshlar va ayollar terma jamoalari ishtirokida ham muntazam tarzda o‘zaro uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, ayni paytda O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Qozog‘iston terma jamoasining FIFA kunlari doirasidagi bellashuvlari allaqachon belgilab qo‘yilgani sabab, milliy jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvni 2026-yilda tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.