O‘zbekiston va Qozog‘iston neft va gaz sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 3 oktyabr kuni Ostona shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov va “QazMunayGaz” AJ Boshqaruvi raisi Asxat Xasenov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida ikki davlatning neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Uzbekistan GTL” zavodi bazasida chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Qozog‘istondagi gaz-kimyo sohasidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlil va samarali amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlarni jalb etish zarurligini alohida urg‘ulashdi.
Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri — “O‘zbekneftgaz” AJ obyektlarida uglevodorod xomashyosini tolling asosida qayta ishlash masalalari bo‘ldi. Bu tashabbus yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish hamda turdosh tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, qo‘shma geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Ikki kompaniya bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdilar va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar “O‘zbekneftgaz” va “QazMunayGaz” kompaniyalari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi ta’kidlandi. Bu esa O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi energetika sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.