O‘zbekiston va Qozog‘iston neft-gaz sohasida o‘zaro tajriba almashmoqda
O‘zbekiston va Qozog‘iston neft-gaz sohasida o‘zaro tajriba almashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “QazMunayGas” AJning bir guruh mutaxassislari "O‘zbekneftgaz" AJ bilan hamkorlik doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdilar.
Ularga ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlari, joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar hamda samarali boshqaruv usullari taqdim etildi.
Shuningdek, korxonalarda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar o‘rganilib, mutaxassislar o‘rtasida amaliy bilim va tajriba almashish uchun qulay muhit yaratildi.
Mehmonlarga zavodlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari, ularning texnik va sifat ko‘rsatkichlari, xalqaro standartlarga muvofiqligi hamda bozor talablariga javob berishi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Mahsulot sifati nazorati tizimi, sinov jarayonlari va sifatni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Tashrif yakunida mutaxassislar o‘zaro fikr va tajriba almashib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni muhokama qildilar. Bunday amaliy tashriflar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.