Valyuta kurslari 20/08/2025
$1 – 12524.92
UZS – 0,22%
€1 – 14630.36
UZS – 0,22%
₽1 – 155.96
UZS – 0,16%
Qidirish
Texnologiyalar 19/08/2025 O‘zbekiston va Qozog‘iston atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston va Qozog‘iston atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi hamkorligi do‘stona asosda amalga oshirilmoqda hamda ikki tomonlama aloqalar, ishchi tashriflar va sohaga oid tadbirlar orqali rivojlanmoqda.

18-avgust kuni “O‘zatom” agentligida Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jomart Aliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan atom sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston tomonidan “O‘zatom” agentligi, AES qurilishi direksiyasi, Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirliklari, “MMFI” MTYAU Toshkent filiali, shuningdek, “O‘ZGASHKLITI” MCHJ va Uzliti Engineering kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Qozog‘iston delegatsiyasidan Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi, Atom energiyasi agentligi, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va boshqa qator davlat tuzilmalari rahbariyati va mutaxassislari qatnashdi.

Muhokama chogʻida xavfsizlik, seysmik barqarorlik, ekologiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u bergan holda, atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Tomonlar ikki mamlakatda AES qurilishi uchun potensial maydonlarning seysmik xavfsizligi jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

“Qozog‘iston AES qurilishi loyihasining mustahkam poydevorini qo‘yib, muhandislik-qidiruv ishlariga kirishganini ko‘rish biz uchun katta quvonch. Biz bu bosqichning ahamiyatini yaxshi tushunamiz, chunki hozir o‘zimiz ham AES qurilishini amalga oshirmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz bir-biriga o‘xshash rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotgan o‘ziga xos davrdir va shuning uchun bizda ko‘plab o‘zaro bog‘liqlik nuqtalari mavjud. Biz tez-tez uchrashib turishimiz, tajriba almashishimiz va birgalikda yangi ufqlarni ochishimiz kerak — energetikadan tortib tibbiyotgacha, qishloq xo‘jaligi va suvni tozalashgacha, bu yerda yadroviy texnologiyalar xalqlarimizga foyda keltirishi mumkin”, – dedi “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

O‘zbekiston tomoni yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro huquqiy vositalarni implementatsiya qilish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tomonidan xavfsizlik sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi.

Mamlakatlar o‘rtasida radiatsiyaviy xavfsizlik va ma’lumotlar almashinuvi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan radiatsiyaviy va ekologik vaziyatni monitoring qilishning qo‘shma tizimi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning avariya holatlariga tayyorgarligini oshirishga imkon beradigan tezkor javob mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

“Kelishimizdan maqsad – bir xil xatolarni qayta takrorlamaslik uchun siz duch kelayotgan masalalarni muhokama qilish. Biz ma’lum darajada parallel qadamlar bilan borayotganimizni tushunamiz. Shuning uchun bu yerda faqat konstruktiv yondashuv, tajriba almashish masalasi bor”, – dedi Jomart Aliyev.

Bundan tashqari, delegatsiyalar atom sanoati uchun mutaxassislar tayyorlashda tajriba almashish, jumladan, “MMFI” MTYAU Toshkent filiali negizida qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish muhimligini muhokama qildilar.

Tomonlar xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv natijasida O‘zbekiston va Qozog‘istonning Markaziy Osiyoda energetika loyihalarining xavfsiz va barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro intilishi tasdiqlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling