O‘zbekiston va Qatar yetakchilari strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Doha shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston – Qatar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qatar Amirini Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti tadbirlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Turli darajalarda samarali muloqot va almashinuvlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 45 foizga oshdi. Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.
“Yashil” energetika, transport, geologiya, to‘qimachilik, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
#Shavkat Mirziyoyev