O‘zbekiston va Qatar parlamentlari do‘stlik guruhlari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Qatar parlamentlari do‘stlik guruhlari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-dekabr kuni “O‘zbekiston-Qatar” va “Qatar-O‘zbekiston” hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlari aʼzolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan onlayn muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatlar hamisha o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Muloqot davomida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, do‘stlik guruhlari o‘rtasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, qonunchilik masalalari bo‘yicha fikr almashish, qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, tegishli qo‘mita va komissiyalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yosh parlament aʼzolari uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bunday muloqotlar O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini qayd etib, hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.