O‘zbekiston va Polsha: Inklyuziv ta’lim sohasida hamkorlik istiqbollari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 12-iyun kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida Polsha Ta’lim vaziri B. Novatskaya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar inklyuziv ta’lim, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratish, pedagog va assistentlarni tayyorlash, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Polsha vakillari mamlakatlarimiz o‘rtasida umumiy vazifalar borligini ta’kidladi va o‘z tajribalari – individual yondashuv, raqamli yechimlar, UNICEF bilan hamkorlik kabi yo‘nalishlar bo'yicha ma'lumotlar berdi.
Uchrashuv yakunida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi:
O‘zbekiston mutaxassislarining Polshaga o‘quv tashriflarini tashkil etish;
Pedagog va assistentlarni tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish;
Inklyuziv ta’lim va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni o‘rganish.
Tomonlar muloqotni davom ettirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.