O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida to‘qimachilik sohasida yangi hamkorlik o‘rnatilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari A.To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiyaning Karachi shahriga tashrifi doirasida Pokistonning yetakchi to‘qimachilik kompaniyalari — Artistic Textile va Diners Textile bilan muhim uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Dunyodagi yirik djins mato va kiyim ishlab chiqaruvchilaridan biri sanalgan Artistic Textile rahbariyati O‘zbekistonda yirik investitsion loyiha amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Kompaniya 18 ta zavod, 25 ming xodim va 50 ming gektar yerga ega bo‘lib, yiliga 450 mln dollarlik mahsulot – 80 mln kv.m djins mato va 30 mln dona tayyor kiyim ishlab chiqaradi. Kompaniya asosiy eksport yo‘nalishlari AQSH va Yevropa mamlakatlaridir, va mashhur brendlar (Levi‘s, GAP, Target, Zara, H&M, Ralph Lauren, HUGO BOSS) bilan hamkorlik qiladi.
Artistic Textile O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, malakali kadrlar va resurslar salohiyatini yuqori baholadi.
Erkak kiyimi ishlab chiqaruvchi Diners Textile kompaniyasi yiliga 1 mln dona kiyim ishlab chiqaradi, 6 ming nafar xodim faoliyati bilan Pokiston va BAAda savdo nuqtalariga ega.
Kompaniya rahbariyati O‘zbekistonda tayyor kiyim ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Karachidagi uchrashuvlar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini zamonaviy texnologiyalar, eksportni diversifikatsiya qilish va yangi sarmoyalar bilan rivojlantirish imkoniyatini oshirdi.