O‘zbekiston va Pokiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9 noyabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Turizm masalalari bo‘yicha Milliy koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegsiya tarkibiga “Al-Jadeed Pharma”, “Akhsah Pharmaceuticals”, “Unisa Pharmaceutical”, “Caraway Pharmaceuticals”, “Pearl Pharmaceuticals”, “Clinix Pharmacy”, “Davis Pharmaceutical” hamda “Remington Pharmaceutical” kompaniyalari vakillari kirdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi farmatsevtika sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari, dori vositalari va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishda ilg‘or tajriba almashinuvi hamda qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.
Pokiston tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar - xususan, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri, investorlar uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlari, regulyator sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va biznes uchun qulay muhit bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ikki tomon farmatsevtika sohasidagi amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba va maʼlumot almashinuvini faollashtirish, shuningdek, o‘zaro tashriflarni muntazam davom ettirish borasida kelishib oldilar.