O‘zbekiston va Pokiston farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Pokistonning yirik xalqaro investitsion tuzilmalaridan biri — Glitz Group direktori Chaudhari Bilalni qabul qildi.
Uchrashuv doirasida ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika, nutratsevtika va kosmetsevtika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Glitz Group — Pokistondagi yetakchi farmatsevtik xolding bo‘lib, Glitz Pharma, Glitz Life Care va Glitzderm kabi brendlar orqali 650 dan ortiq sertifikatlangan mahsulotni ishlab chiqaradi va dunyo bo‘ylab 20 dan ziyod mamlakatga eksport qiladi. Kompaniya ishlab chiqarish jarayonlarini ISO va cGMP xalqaro standartlari asosida amalga oshiradi va Pokistonning mutaxassislashgan organi — DRAP (Drug Regulatory Authority of Pakistan) tomonidan tasdiqlangan.
Chaudhari Bilal O‘zbekistonda farmatsevtika va nutratsevtika sanoati tez surʼatlar bilan rivojlanayotganini alohida qayd etib, mamlakatdagi qulay investitsiya muhiti, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xorijiy sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uni jiddiy qiziqtirganini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan u O‘zbekiston hududida Glitz Group kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalari borligini bildirdi.
O‘z navbatida, Dilshod Rasulov mazkur tashabbusni yuqori baholar ekan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Shuningdek, u investorlarga ishonchli mahalliy hamkor topish, loyihaviy va tashkiliy masalalarni hal etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va mintaqaviy bozorlarga chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldilar.