Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
Iqtisod 02/08/2025 O‘zbekiston va Pokiston charm sanoati sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda

O‘zbekiston va Pokiston charm sanoati sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokiston charm sanoati vakillarining O‘zbekistonga amalga oshirgan ishbilarmonlik tashrifi doirasida delegatsiya a’zolari Toshkent viloyatida joylashgan yirik charm sanoati korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, ular “Angrencha Charm Invest” va “Hamkor Nur Savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud infratuzilma, xomashyo bazasi hamda eksport imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Mazkur tashrif ikki mamlakat charm sanoati vakillari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi sheriklik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalar ustida ish olib borish bo‘yicha amaliy qadamlardan biri bo‘ldi. Tashrif davomida asosiy e’tibor charm xomashyosining xalqaro savdosi, xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yirik shoxli qoramol terisini Pokistonga eksport qilish masalasiga qaratildi. Muzokaralarda Pokiston tomoni ushbu mahsulotga doimiy ehtiyoj mavjudligini, uni sanoat qayta ishlashda keng qo‘llanishi, sifati esa xalqaro standartlarga javob berishini ta’kidladi.

Ushbu yo‘nalishda dastlabki muzokaralar boshlangan bo‘lib, tomonlar hajm, yetkazib berish muddatlari, logistika va bojxona masalalarini chuqurroq o‘rganishga kelishib oldilar.

 Delegatsiya “Angrencha Charm Invest” korxonasida olib borilayotgan ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi, mavjud quvvatlar, texnologik liniyalar va mahsulot turlari bilan tanishdi. Tashrif yakunida korxona rahbariyati bilan charmni chuqur qayta ishlash, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, so‘ngra uni Pokiston hamda uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tomonlar franchayzing modeli asosidagi hamkorlik imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Bu model orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Pokiston brendi ostida xalqaro bozorlarga chiqarilishi mumkin.

Pokiston va O‘zbekiston charm sanoati o‘rtasida shakllanayotgan yangi hamkorlik modeli o‘zaro manfaatli va strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston — sifatli xomashyo va sanoat infratuzilmasiga ega bo‘lgan ishlab chiqarish bazasi sifatida, Pokiston esa keng tajribaga ega eksportchi davlat sifatida bir-birini to‘ldiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling