O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida ipakchilikda ilmiy hamkorlik yanada kuchayadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligida Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya shu kunlarda xizmat safari bilan Ozarbayjonda bo'lib turibdi.
Safar doirasida delegatsiya a'zolari Ozarbayjon Respublikasi Milliy akademiyasi huzuridagi Shekin mintaqaviy ilmiy markazida bo'lishdi. Uchrashuv chog'ida pillachilik sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari, mahalliy tut navlari va ipak qurti zotlari, ularning iqlimga mosligi, selektsiya va gibridlashtirish jarayonlari haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Tashrif chog'ida Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Shekin mintaqaviy ilmiy markazi o'rtasida ilmiy hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi.
Ushbu memorandum ikki davlatdagi ipak qurti zotlari va gibridlarining xo'jalikda foydaliligini o'rganish, O'zbekistonda yetishtirilgan tut navlaridan Ozarbayjonda, va aksincha, ozarbayjon navlaridan O'zbekistonda ilmiy maqsadlarda foydalanish, tajriba va ishlanmalar almashinuvini o'z ichiga oladi. Shuningdek, O'zbekistonda tutsiz yovvoyi ipak qurtlarini o'rganish bo'yicha qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, tadqiqotlar natijasida maqolalar, o'quv qo'llanmalar va boshqa nashrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur axborot va materiallar bilan o'zaro almashish va tadqiqotlar jarayonida o'zaro maslahatlar va metodik yordam ko'rsatish hamda qo'llaniladi.
Shuningdek, delegatsiya a'zolari ipak qurtiining gibrid urug'larini tayyorlashga ixtisoslashgan laboratoriya faoliyati bilan ham yaqinidan tanishdilar. Laboratoriyada qo'llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, urug' yetishtirish va saralash usullari, genetik nazorat jarayonlari hamda himoya choralariga bo'yicha mutaxassislar tomonidan amaliy ma'lumotlar berildi.
Uchrashuv yakunlarida tomonlar pillachilik sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.