O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan muhim masalalar qatorida 2027-yilgi 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati mezbonlari aniqlandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda yoshlar o‘rtasidagi Mundialga mezbonlik qilishi belgilandi. Mazkur musobaqa FIFA tomonidan o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi ikkinchi nufuzli musobaqa hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, katta tajriba orttirdi. Xususan, 2024-yilda yurtimizda o‘tkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani xalqaro futbol hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur musobaqalar, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarining xalqaro miqyosdagi yirik turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha yetarlicha tajriba va salohiyat to‘plashiga imkoniyat yaratdi.
2027-yilga kelib dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari FIFA U-20 Jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Ozarbayjonda to‘planishadi. Yurtimiz, har doimgidek, o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislarining mehri bilan butun dunyo e’tiborini qozonishga tayyor.