O‘zbekiston va Ookla internet-infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziyaga tashrif doirasida Kuala Lumpur shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari va “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK direktori U. Shakirov va Ookla kompaniyasining katta savdo direktori Viktor Zeng o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralarda mavjud qo‘shma loyihalar, shuningdek, O‘zbekistonda RootMetrics tashabbusini va Ookla’ning yangi “Ookla Certified” xizmatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Ookla kompaniyasi internet infratuzilmasini rivojlantirish hamda sifat monitoringini kuchaytirishga qaratilgan yechimlarini taqdim etdi.
Oʻz navbatida, kompaniya vakillari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda mobil va simli internet tezligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha katta yutuqlarga erishganini e’tirof etdilar.
Bundan tashqari, uchrashuvda Ookla kompaniyasi “O‘zTTBRM” DUKning Drive-Test uskunalaridan foydalanishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Ookla – global internet tezligini o‘lchash va tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi xalqaro kompaniya bo‘lib, 2006-yilda tashkil etilgan. Kompaniya o‘zining Speedtest platformasi orqali butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga internet tezligini sinovdan o‘tkazish imkoniyatini taqdim etadi.